AsosiyJamiyat

YPX xodimlarining qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llash vakolati bekor qilinmoqda

Shu haqdagi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

'YPX xodimlarining qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llash vakolati bekor qilinmoqda'ning rasmi

Senatning 57-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.

Yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, bugungi kunda yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda, oqibatda esa halok bo‘lganlar va jarohat olgan fuqarolarning soni ham kam emas.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.

Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yo‘llarida tirbandliklarga va avariya holatlari sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, 2024 yilning o‘tgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda Qonunda yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganligi (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Parlament a’zolarining fikricha, Qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, shuningdek fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

    Boshqa yangiliklar