Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Hamster Kombat” o‘yini va uning “HMSTR” kripto-aktivi bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob berdi.
1. “HMSTR” kripto-aktivmi?
Internetdagi ochiq manbalardan (rasmiy veb-sayt, “White Paper” deklaratsiyasi, ijtimoiy tarmoqlardagi loyiha profillari, Telegram messenjeri va boshqa resurslar) olingan ma’lumotlarga asoslanib, “The Hamster Foundation” - loyiha tashkilotchilari "TON" ekotizimi (tarqatilgan ma’lumotlar reyestri) doirasida "Hamster Kombat" o‘yinining "web3" o‘yinchilari uchun "Airdrop" jarayonini amalga oshirish uchun HMSTR tokenining chiqarilishini e’lon qilishdi.
Shu bilan birga, “coinmarketcap.com” axborot resursi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tokenga “Yagona kripto-aktiv identifikatori” (UCID) – № 32195 berilgan hamda mazkur token listingini amalga oshirishni rejalashtirgan elektron platformalar haqida ham ma’lumot taqdim etilgan.
2. “HMSTR” tokenining listingi qachon rejalashtirilgan?
Ushbu tokenning xalqaro kripto-platformalarda ro‘yxatga olinishining aniq sanasi bo‘yicha savollar loyiha tashkilotchilariga yuborilishi kerak.
3. Ushbu tokenlar egalari “Airdrop” jarayonida olingan “HMSTR” tokenlarini O‘zbekistonning qayerida qonuniy ravishda sotishi mumkin?
Qabul qilingan “HMSTR” tokenlarini faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali, agar ular kripto-birja kotirovka ro‘yxatiga yoki kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lsa, xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, eslatib o‘tamiz: ushbu turdagi tokenlar juda o‘zgaruvchan bo‘lib, aksariyat hollarda foydali funksionalligi yo‘qligi sababli ro‘yxatga kiritilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.
4. Token va listing jarayoni amalga oshiriladigan kripto-platformalar haqida to‘liq ma’lumotni qayerdan olish mumkin?
“HMSTR” tokeniga oid ma’lumotlarni loyihaning rasmiy veb-saytida https://hamsterkombatgame.io/), “White Paper” deklaratsiyasida (https://hamsterkombatgame.io/docs/HK_WP_03.pdf), ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjeridagi (https://t.me/hamster_kombat) loyiha profillari, “coinmarketcap.com” axborot resursida va boshqa manbalarda olish mumkin.
Shuningdek, yurtdoshlarimizdan hushyor bo‘lishlarini, loyiha bo‘yicha norasmiy ma’lumotlar manbalari orqali olingan ma’lumotlarga ishonmasliklarini, shuningdek, ushbu tokenlarni xarid qilish/sotish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarga ishonmasliklarini hamda turli firibgarlik sxemalari qurboni bo‘lmasliklarini so‘raymiz.
5. O‘zbekistonda “HMSTR” tokenini noqonuniy xarid qilish/sotish uchun javobgarlik bormi?
O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivning turi yoki nomidan qat’i nazar, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunchilik darajasida ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanadi.