AsosiyJamiyat

Toshkentda mingdan ortiq aholi barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi

Olmazor tumanida ham yangi kogeneratsiya qurilmasi bunyod etilmoqda.

'Toshkentda mingdan ortiq aholi barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi'ning rasmi

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan poytaxtimizning Olmazor tumani “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida investitsiya loyihasi asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,2 MVt, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvati 6,4 Gkal bo‘lgan zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi bunyod etilmoqda. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Qayd etilishicha, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Chilonzor tumanidagi “Oqtepa” va “Bog‘zor” MFYda qurilgan dastlabki kogeneratsiya qurilmasi sinov tariqasida ishga tushirilgan edi. 2023 yil 13 oktyabr sanasida Davlat rahbari tomonidan mazkur qurilmaning faoliyati bilan tanishish chog‘ida bu kabi inshootlarni poytaxtimizning qolgan tumanlarida ham joriy etish to‘g‘risida topshiriq berilgan edi. 

Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 13 yanvarda “Toshkent shahri markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 23-son qarori asosida navbatdagi kogeneratsiya qurilmasi Olmazor tumanining “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida qad rostlamoqda.

Umumiy maydoni 0,16 gektarni tashkil qiluvchi zamonaviy energoinshootning umumiy loyiha qiymati 45,7 mlrd so‘mga teng bo‘lib, u “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan yuqorini tashkil etadi.

Qurilish maydonida bir vaqtning o‘zida mahalliy va xorijiy tashkilotlarning 50 nafarga yaqin ishchi-xodimlari va 4 ta maxsus texnika ish olib bormoqda. Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln kVt·soat elektr energiyasi hamda 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha asosida rivojlangan davlatlarning eng zamonaviy va yuqori tejamkor texnologiyalari o‘rnatilishi hisobiga yiliga 1,2 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 67 foizga kamayadi. Loyihaga ko‘ra, 15 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Ayni kunlarda loyihaning poydevor ishlari yakunlanib, asosiy qurilmalarni o‘rnatishga tayyorlanmoqda. Bu yerda Germaniyadan keltirilgan gaz-porshen qurilmasi hamda ikkita “Bosch” qozonlari o‘rnatiladi. Zamonaviy usulda qurilayotgan energoqurilmada ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi aholi xonadonlariga yopiq tizim orqali yetkazib berilishi tufayli yo‘qotishlar umuman kuzatilmaydi. Qurilma ishga tushgach, hududdagi 17 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta ijtimoiy soha obyekti va mingdan ortiq aholi xonadonlari barqaror ravishda issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. 

Loyiha joriy yilning oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar