AsosiyJinoyat

Tosh tagidan topib olingan “xazina” uchun 10 yil qamoq jazosi

Tergov jarayonlarida jinoyatchilar bilan muloqot qilish davomida turli hil va kutilmagan voqealar yuz beradi.

'Tosh tagidan topib olingan “xazina” uchun 10 yil qamoq jazosi'ning rasmi

Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Madad Jo‘rayev o‘z amaliyotidagi jinoyat haqida hikoya qilib  berdi. 

1973 yilda tug‘ilgan, hozirgi paytda vaqtincha ishsiz va haligacha bo‘ydoq Muhammadning tushuntirish xatidagi ma’lumotlardan kelib chiqib, uning huquqiy vaziyati ancha og‘ir. Muhammad avvalgi hayotida bir necha bor giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgan va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. Uning ilk bor sudlanishi 2004 yilda sodir bo‘lib, o‘shanda giyohvand modda saqlaganligi uchun 3 yilga qamalgan.

Muhammad ozodlikka chiqqach, jinoiy faoliyatini tugatmadi va yana 2007, 2010 hamda 2020 yillarda ham shunday jinoyatlar sodir etishi natijasida yana qayta-qayta hukm qilingan.

Uning navbatdagi jinoyati shunday sodir bo‘lgan. 

“Men ustachilik qilib har xil qurilish ishlarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab, pul topaman. 2023 yilning 15 oktyabrida “O‘zbekiston” bog‘iga ish qidirib bordim. Ozgina ishladim ham. Kun kech bo‘la boshlaganda piyoda yo‘lga chiqdim. Yo‘limda katta bir tosh uchradi. Uni bir tepgan edim tagida qora izolentaga o‘ralgan narsaga ko‘zim tushdi. Bunday narsalar menga tanish bo‘lgani uchun uni olib uyga olib keldim. Bu geroin giyohvand moddasi edi”.

U giyohvand moddalarning turlarini yaxshi bilgani sababli, keyingi qonunbuzarlikda ham ularni uyiga olib kelib, iste’molga va sotishga tayyorlaydi. Muhammad geroin moddasini 13 bo‘lakka bo‘lib, ertasi kuni "Eski jo‘va" bozoriga tushganida tanishi Nodir bilan uchrashadi. Ikkovlari milliy taomlar oshxonasiga yo‘l olayotganda, ichki ishlar xodimlari ularni to‘xtatishadi va tekshirish natijasida Muhammadning cho‘ntagidan psixotrop dori vositasi hamda 0,34 gramm geroin topiladi.

 – Hammaga ma’lumki, geroin moddasi shunchaki, tosh tagida yotmaydi. U giyohvand moddalari ichida kuchlisi va qimmati hisoblanadi, – deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Madad Jo‘rayev. – Uning go‘yoki ish qidirib aynan o‘sha joyga borgani ham bejiz emas, albatta. Jinoyatchilar tergovni chalg‘itish, jazodan qutulib qolish uchun qanday yolg‘onlarni ishlatmaydi, deysiz. Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi, degan ibora bekorga aytilmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida Muhammadni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan aybli, deb topdi va unga 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar