AsosiyJamiyat

Poytaxt aholisi xonadonlarini kelayotgan qishda isitish uchun nima tadbirlar ko‘rilgan?

Joriy mavsumda Toshkentni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar holati yuzasidan press-tur bo‘lib o‘tdi.

'Poytaxt aholisi xonadonlarini kelayotgan qishda isitish uchun nima tadbirlar ko‘rilgan?'ning rasmi

Press-tur davomida joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkent shahri energo obyektlarida amalga oshirilgan ishlar va ushbu yo‘nalishdagi yangi investitsiya loyihalari haqida ma’lumotlar berildi.

Kelayotgan mavsumga tayyorgarlik doirasida tizim korxonalarida  reja asosida jami 53 ta, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta turboagregat va 3 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va belgilangan ishlar ortig‘i bilan bajarildi.

Qo‘shimcha sifatida, elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energoqurilmada mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.

Ta’mirlash va sozlash ishlari natijasida mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi 235 tonna soatga oshirilishiga erishildi.

 Dastlab press-tur ishtirokchilari Toshkent shahri aholisini issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi asosiy issiqlik ishlab chiqarish korxonasi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 5-issiqlik markazida bo‘lishdi.

 “Toshkent issiqlik markazi” korxonasi tizimida 9 ta issiqlik markazlari mavjud bo‘lib, ularning umumiy o‘rnatilgan quvvati 4580 gigakaloriyani tashkil etadi. Hozirgi kunda iste’molchilarga 65° daraja, sovuq qish kunlarida 85° daraja haroratdagi issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, yagona yirik xarid qiluvchi Veolia Energy Tashkent korxonasi orqali aholi va boshqa iste’molchilarga yetkaziladi.

2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida iste’molchilarni issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlari shu yilning mart oyidan boshlanib, hozirda barcha qurilmalar mavsumga shay holatga keltirildi.

 Jumladan, 15 ta qozon qurilmalari mukammal, 60 ta qozon qurilmalarida joriy ta’mirlash, 239 ta nasos agregatlarida mukammal va joriy,  420 ming metr bo‘lgan ichki quvurlar va yordamchi uskunalarning issiqlik saqlash qoplamalarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.   

 Press-tur ishtirokchilari keyingi manzilda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan investitsiya loyihasi asosida Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi “Oqtepa” va “Bog‘zor” mahallalari hududida bunyod etilgan kogeneratsiya qurilmasining faoliyati bilan tanishishdi. Ushbu loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 13 dekabrda Chilonzor tumanida bo‘lib, aholining issiqlik ta’minoti holatini o‘rganish natijalari bo‘yicha belgilab bergan ustuvor vazifalari asosida amalga oshirildi.

 Umumiy qiymati 10 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur qurilma bir vaqtning o‘zida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqarishga moslashgan bo‘lib, soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi. Foydali ish koeffitsiyenti esa 85 foizni tashkil etadi. Bu yerda Germaniyadan keltirilgan gaz-porshenlar hamda “Bosch” qozonlari ishlamoqda. Ular orqali yiliga jami 41 mln. kVt.soat elektr energiyasi va 219 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

 Qurilma hududdagi 50 ta ko‘p qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va o‘nlab tadbirkorlik subyektlarini barqaror issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda.

 Loyihaning yana bir e’tiborli jihati - issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat mo‘tadil saqlab turiladi. Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 mln. metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishilyapti.

 Yuqoridagi kabi loyiha o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatgandan keyin, hukumatning tegishli topshirig‘i asosida bu kabi loyihalarni ommalashtirishga kirishildi. Ayni paytda, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda investitsiya loyihasi asosida Toshkent shahrining 6 ta tumanida qiymati 34,5 mln. AQSH dollari bo‘lgan shu kabi kogeneratsiya qurilmalarini  joriy etish ishlari olib borilmoqda.

 Press-tur ishtirokchilarining yana bir manzili Olmazor tumani “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,2 MVt hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvati 6,4 Gkal bo‘lgan zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi qurilish maydonchasi bo‘ldi.

 Ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln. kVt.soat elektr energiyasi hamda 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha asosida rivojlangan davlatlarning eng zamonaviy va yuqori tejamkor texnologiyalari o‘rnatilishi hisobiga yiliga 1,2 mln. kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 67 foizga kamayadi. Loyihaga ko‘ra, 15 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 Qurilma ishga tushgach, hududdagi 17 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta ijtimoiy soha obyekti va bir qator tadbirkorlik subyektlari barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.

 Loyiha joriy yilning oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

 

    Boshqa yangiliklar