AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qariyb 18 million saylovchi ishtirok etdi

Avval xabar berganimizdek, bugun soat 20.00 da O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha barcha saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yakunlandi.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, ovoz berishda 17 million 941 ming 955 nafar fuqaro ishtirok etdi. Bu ro`yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,83 foizini tashkil etadi. Eslatib o`tamiz, saylovchilar ro`yxatiga 20 million 428 ming 891 saylovchi kiritilgan. 

Albatta bunga hali xorijiy davlatlardagi O`zbekiston Respublikasining vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish natijalari kiritilmagan.

O`zbekiston Respublikasining Misr, Evropaning aksariyat davlatlari va Amerika Qo`shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda.

Ovoz berish jarayoni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunlar bilan mustahkamlab qo`yilgan xalqaro demokratik normalar va prinsiplarga rioya qilingan holda ochiq va oshkora o`tkazildi.

Ayni paytda saylov uchastkalarida har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar alohida-alohida sanab chiqilmoqda.

Ovozlarni sanab chiqishda Prezidentlikka nomzodlar ko`rsatgan siyosiy partiyalarning 37 mingdan ortiq kuzatuvchilari, xalqaro kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashmoqda.

Joylardan saylov mobaynida saylov qonunchiligi buzilganligi haqida axborotlar kelib tushmadi.

Ertaga, 5 dekabr kuni soat 16-00 da o`tkaziladigan brifingda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari e`lon qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar