4 dekabr kuni o`tkazilgan prezident saylovida yoshi yuzdan oshgan keksa otaxon va onaxonlar ham faol qatnashdi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.
Surxondaryo viloyatida 120 ortiq keksa otaxon va onaxonlar yashaydi. Ulardan biri Badal bobo Xurramov Muzrabod tumanining “Sopollitepa” mahallasida istiqomat qiladi. Bobo 51 yil davomida dehqonchilik qilib, traktor haydadi, Muzrabod tumanining gullab-yashnashi, rivojlanishiga o`z hissasini qo`shdi.
Rafiqasi Norxol momo bilan 9 farzandni voyaga etkazdi. Hozirda ularning 50 nafar nevarasi va 10 nafar chevarasi bor. O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2011 yilning 25 avgust kuni Badal boboni “Shuhrat” ordeni bilan mukofotladi.
Badab bobo 106 yoshga kirganiga qaramay, hali tetik, xotirasi ham joyida. “Men juda ko`p saylovlarni ko`rganman, – deydi Badal bobo. – Ilgarilari istaysanmi, istmaysanmi faqatgina birgina nomzodga ovoz berilar edi. Endi u zamonlar o`tib ketdi. Nomzodlikka qo`yilgan to`rt kishining tarjimai holi, saylov oldi dasturlari xalqqa tanishtirildi, endi xalq kimni prezidentlikka loyiq ko`rsa, o`sha odamga ovoz beradi. Haqiqiy saylov shunday bo`lishi kerak. Saylov uchastkalarida saylovchilarga ham yaxshi sharoit yaratilgan. Saylov komissiyasi a`zolari menga taklifnoma olib kelishganda, “Bobo, siz ovora bo`lib saylov uchastkasiga borib yurmang, uyingizga saylov qutisini o`zimiz olib kelamiz”, deyishdi, to`g`risini aytsam, bu gap meni biroz xafa qildi. Ularga “Xudoga shukur, hali kuch-quvvatdan qolganim yo`q, saylov uchastkasiga borib ovoz beraman dedim”.
Badal bobo erta tongdan saylov uchastkasiga kelib, ovoz berdi. “Men yoshligimda qiyinchilik ko`rib voyaga etgan bo`lsamda, keksayganimda izzat-hurmatga sazovor bo`ldim. O`zimni bardam, tetik his qilyapman, bularning barchasiga mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, keksalarga nisbatan bo`lgan g`amxo`rlik sababdir. Osmonimiz tinch, yurtimiz farovon bo`lsin! Men aynan shuning uchun ovoz berdim”, deb qo`shimcha qildi Badal bobo.





