AsosiyDunyo
3524

Pokistondagi mehmonxonada chiqqan yong`in kamida 11 kishining hayotiga nuqta qo`ydi

Pokiston janubidagi mehmonxonalardan birida kelib chiqqan yong`in oqibatida kamida 11 kishi halok bo`ldi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Nashrning bergan ma`lumotlariga ko`ra, yong`in Karachi shahridagi Regent Plaza mehmonxonasida sodir bo`ldi. Yong`in mehmonxonaning birinchi qavatida joylashgan oshxonada kelib chiqqan. Keyinroq esa olov mehmonxonaning ettinchi qavatigacha ko`tarilgan. 

Olov qa`rida qolgan binodan qochish uchun ayrim mehmonlar mehmonxona derazasidan pastga sakragan.

Qutqaruv xizmati rahbari Seemina Jamalining so`zlariga ko`ra, yong`in oqibatida jabrlanganlarga suyak sinishi, turli darajadagi jarohatlar va tutundan bo`g`ilish kabi tashxislar qo`yilgan. Tutundan bo`g`ilishdan 65 kishi aziyat chekkan. 

Yong`indan jabrlanganlar orasida uch nafar chet ellik fuqarolar mavjud. Ularning qaysi davlat fuqarolari ekanligi aniqlanmoqda. 

O`t o`chiruvchilar yong`inni u boshlanganidan keyin uch soat ichida bartaraf qilishga muvaffaq bo`lishdi.

Yong`in sabablari hozircha noma`lum.

Boshqa yangiliklar