AQSH hukumati "Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV" (Green Card) dasturida qatnashish uchun anketa to‘ldirish muddatini 7 noyabr soat 21:00 gacha uzaytirdi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.
Avvalroq, anketa to‘ldirish muddati 2 oktyabrdan boshlab, 5 noyabrgacha davom etishi ma’lui qilingandi.
Har yili AQSH hukumati "Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV" dasturi doirasida ma’lum miqdorda doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQSHga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi. Bunda AQSHga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi.
Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.
2026 yil uchun 55 000 tagacha Turli millatga mansub immigrantlar vizasi (DV) ajratiladi. DV dasturiga ro‘yxatdan o‘tish bepul, biroq tanlab olingan nomzodlar suhbatga chaqirilganda, rasmiy viza arizasini topshirishdan oldin viza uchun to‘lov to‘lashlari kerak bo‘ladi.