AQSh prezidenti Donald Tramp Eron “moliyaviy tanazzul yoqasiga kelib qolgani”ni va Vashington tomonidan portlar qamalga olingach, mamlakat har kuni millionlab dollar yo‘qotayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronda naqd pul tanqisligi kuzatilmoqda va har kuni taxminan 500 million dollar zarar ko‘rilmoqda. Shuningdek, harbiylar va politsiya xodimlari maosh masalasidan shikoyat qilayotgani aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, AQSh tomonidan Eron portlariga dengiz qamali 13 aprel kuni boshlangan. Shundan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eron bayrog‘i ostidagi tanker o‘qqa tutilgan va qo‘lga olingan. Bundan tashqari, ochiq dengizda Eronga tegishli yoki unga yo‘naltirilgan yuk kemalarining yo‘nalishi o‘zgartirilgan.
Eron qurolli kuchlari bu harakatlarni “noqonuniy” va “qaroqchilik” deb baholadi.
Javob tariqasida Eron Hormuz bo‘g‘ozini xorijiy kemalar uchun yopib qo‘ygani va bir nechta kemani qo‘lga olgani ma’lum qilindi. Bu esa mintaqadagi keskinlikni yanada oshirmoqda.






