AsosiyDUNYO

AQSH va Eronning Dohadagi muzokaralari yakunlandi

Vaqtinchalik kelishuvga muvofiq, AQSh va Eron Hurmuz bo'g'ozi orqali xalqaro dengiz qatnovini to'liq tiklashi kerak.

'AQSH va Eronning Dohadagi muzokaralari yakunlandi'ning rasmi

Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi bilvosita muzokaralar yakunlandi. Biroq tomonlar uzoq muddatli tinchlik kelishuviga erishilganini e’lon qilmadi.

Ma’lum qilinishicha, ikki kun davom etgan uchrashuvlarda asosiy e’tibor Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovini tiklash hamda Eronning muzlatilgan mablag‘lari masalasiga qaratilgan. Shuningdek, iyun oyida erishilgan vaqtinchalik kelishuvning muhim bandlari ham muhokama qilingan.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, navbatdagi muzokaralar Eronning marhum oliy rahbari oyatulloh Ali Xomana’iyning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan dafn marosimidan keyin tashkil etiladi. Vazirlik vakili Dohadagi uchrashuvlar iyun oyida imzolangan kelishuv memorandumi yuzasidan ijobiy siljish bergani hamda Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan sammit natijalariga tayanganini bildirgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Eron yadroviy dasturi bo‘yicha ham ijobiy siljishlar kuzatilayotganini aytdi.

"Eronni yadrosizlantirish jarayoni yaxshi ketmoqda. Uchrashuvlar juda yaxshi o‘tdi, keyingi natijalarni ko‘ramiz", dedi Tramp.

Biroq muzokaralardan xabardor manbalarning ta’kidlashicha, Dohadagi texnik uchrashuvlarda yadroviy dastur masalasi umuman muhokama qilinmagan. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens mazkur masala muzokaralarning keyingi bosqichida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

"Albatta, biz yadroviy masaladan xavotirdamiz va bu mavzuda muzokaralarni boshlaymiz", dedi u.

Qatar Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, AQSH va Eron delegatsiyalari bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashmagan. Muzokaralar Qatar va Pokiston vositchilari orqali alohida formatda o‘tkazilgan.

Manbalarning bildirishicha, AQSH Prezidentining kuyovi Jored Kushner hamda mamlakatning maxsus vakili Stiv Uitkoff Dohaga kelgan bo‘lsa-da, texnik muzokaralarda ishtirok etmagan.

Eron delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy muzokaralar yakunlanganini tasdiqladi. Shu bilan birga, tomonlar mavjud kelishmovchiliklar bartaraf etilgani haqida ma’lumot bermadi.

Vaqtinchalik kelishuvga muvofiq, AQSH va Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro dengiz qatnovini to‘liq tiklashi kerak. Ayni paytda kemalar harakati qisman qayta yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, strategik ahamiyatga ega mazkur suv yo‘lining huquqiy maqomi hali ham bahsli bo‘lib qolmoqda.

Ikki nafar yuqori lavozimli eronlik manbaning aytishicha, Tehron Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati xalqaro miqyosda tan olinishiga erishishga intilmoqda. Shuningdek, Eron avgust o‘rtalaridan boshlab mazkur bo‘g‘oz orqali harakatlanuvchi kemalardan to‘lov undirish niyatini yana bir bor ma’lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar