“Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov tavalludining
70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tomonidan tantanali marosim tashkil etildi.
Marosim avvalida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqib, Mansur Toshmatovning madaniyat sohasidagi qariyb 50 yilga yaqin samarali va jo‘shqin ijodiy mehnat faoliyatini yuksak e’tirof etib, ijodkorni san’atimizning haqiqiy fenomenlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ustoz san’atkorni vazirlik jamoasi nomidan samimiy tabriklab, o‘zbek madaniyati va san’atini rivojlantirish, ustoz-shogird an’analarini munosib davom ettirish, shuningdek, iste’dodli yoshlarni kashf etish yo‘lidagi samarali faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Marosimda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari
Q. Yuldashev ham so‘zga chiqib, ustoz san’atkorni Filarmoniya rahbariyati va butun ijodiy jamoalari nomidan samimiy tabrikladi va tizimdagi ko‘p yillik faol mehnatlari uchun minnatdorlik bildirib, esdalik sovg‘alar taqdim etdi.
Bundan tashqari Mansur Toshmatovga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Botir Zokirov nomidagi milliy estrada instituti jamoalari nomidan ham yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
Yubiley konsert dasturida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Ramiz Usmonov, xonandalar Ziyod Eshonxo‘jayev, “Dutorchilar”, “Navbahor”, “Tomosha” bolalar ansambllari, “O‘zbekiston solistlari” va Davlat Jaz orkestrlari, “Sharq” estrada guruhi ishtirok etishib, ustoz san’atkorning ijodiy faoliyatini e’tirof etishib, o‘z musiqiy chiqishlari bilan tomoshabinlarga xushkayfiyat ulashishdi.
Ma’lumki, Mansur Toshmatov keng diapazonli, jozibali ovozi va o‘z ijodi bilan nafaqat yurtimiz balki xorijiy mamlakatlar san’at shinavandalari orasida ham ko‘plab muxlislar orttirib, chuqur hurmatga sazovor bo‘lgan.
Shu bois ushbu konsertda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Natalya Nurmuhamedova (Rossiya Federatsiyasi), xalqaro tanlovlar sovrindori Gocha Siradze (Gruziya), Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Janargul Arinbasarova (Qozog‘iston) kabi xorijiy mehmon san’atkorlar ham qatnashishib, o‘z qo‘shiqlari va chiqishlari bilan san’atimiz darg‘asiga tabriklarini izhor etishdi.
Nihoyatda samimiy va zavqli o‘tgan mazkur konsert dasturidagi har bir chiqishlar Mansur Toshmatov ijodiy faoliyati bilan bevosita chambarchas holatda uyg‘unlashgani e’tiborga sazovor bo‘ldi. Bunda hattoki sirk ustalarining ham sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga estrada-sirk san’atining namunalari sifatida taassurotlar baxsh etdi.
Juda yuqori atmosferada yakuniga yetgan tantanali marosimda Mansur Toshmatov “Mening yo‘lim” qo‘shig‘ini kuyladi va bu san’at yo‘lining yana davom etishini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, hali san’atimiz darg‘asi o‘z ijodi bilan xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab madaniy loyihalarni amalga oshirishga bosh-qosh bo‘ladi. Shuningdek, u tarbiyalagan shogirdlar kelgusida Mansur Toshmatov ijodiy maktabining munosib davomchilari sifatida yurtimiz san’atini jahonaro keng namoyon qilib, katta-katta yutuqlar bilan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lishadi.