O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Xorijiy fuqarolarning O`zbekiston Respublikasiga tashrifi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va viza tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida 2017 yil 1 apreldan boshlab turizm maqsadida O`zbekiston Respublikasiga 30 kundan ortiq bo`lmagan muddatga keluvchi Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari uchun, 55 yoshga to`lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo`lmagan muddatga O`zbekiston Respublikasiga keluvchi Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilinadi.
2017 yil 1 apreldan boshlab ushbu bandda ko`rsatib o`tilgan xorijiy fuqarolar O`zbekiston Respublikasiga kirishda 50 AQSh dollari miqdorida Davlat byudjetiga o`tkaziladigan kirish yig`imi to`lashlari belgilandi. Kirish yig`imi to`langanligini tasdiqlaydigan hujjat mamlakatga kirish uchun asos hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda 2017 yil 1 martgacha bo`lgan muddatda xorijiy fuqarolar tomonidan kirish yig`imi to`lanishi tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Hujjatda 2017 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalarini joriy etish, xalqaro aeroportlarda va O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o`tkazish punktlarida vizalarni olish, shu jumladan tranzit vizalarni olish tartibini sezilarli ravishda soddalashtirish tartibi bo`yicha takliflar kiritilishi belgilandi.
Shuningdek, mazkur vizalarni rasmiylashtirish va berish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, 2018 yildan boshlab elektron vizalar tizimini joriy etish bo`yicha aniq takliflar O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda kiritilishi yuklatildi.





