Toshkentda 2017-2018 yillarda respublika yo`l jamg`armasi hisobidan umumiy qiymati 84 milliard so`m, uzunligi 32,2 kilometrdan ziyod bo`lgan “Kichik halqa yo`li” barpo etilishi, rekonstruksiya qilinishi va ta`mirlanishi belgilangan.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirzieyov Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida aytib o`tgandi.
Shavkat Mirziyoev o`z nutqida yo`l va yo`l o`tkazgichlar tarmoqlarini rivojlantirish masalalariga to`xtalar ekan, yaqin besh yilda davlat byudjeti va respublika yo`l jamg`armasi mablag`lari hisobidan umumiy qiymati 916 milliard so`m bo`lgan 12 ta yangi ko`prik qurilishi, umumiy foydalanishdagi 68 kilometrdan ortiq yo`l quriladi va rekonstruksiya qilinishini qayd etgan.
Hozirgi vaqtda respublika yo`l jamg`armasi hisobidan Yunusobod va Mirzo Ulug`bek tumanlarida Bo`zsuv kanali orqali 400 metr uzunlikdagi va 6 ta polosali, umumiy qiymati 38 milliard so`m bo`lgan ko`prik qurilishi boshlab yuborildi va u kelgusi yili foydalanishga topshiriladi.
Chilonzor tumanida Bunyodkor va Muqimiy ko`chalari kesishgan joyda umumiy qiymati 42 milliard so`m bo`lgan transport bog`lamasini davlat byudjeti hisobidan barpo etish boshlanadi. Bu inshoot ko`prik, piyodalar o`tish joyi va olti polosali zamonaviy avtomagistralni o`z ichiga oladi.
Sirg`ali tumanida 2017 yilda respublika yo`l jamg`armasi hisobidan umumiy qiymati 79 milliard so`m, uzunligi 10 kilometr bo`lgan 6 polosali Qipchoq ko`chasi rekonstruksiya qilinadi. Bu ko`cha bo`ylab temir yo`l ustidan yangi ko`prik barpo etilishi ham ko`zda tutilmoqda. Bundan tashqari, 2017 yilda respublika yo`l jamg`armasi hisobidan umumiy qiymati 42 milliard so`m, uzunligi 5 kilometr bo`lgan 6 polosali loyihaviy yangi ko`cha barpo etiladi.





