Hindiston Tibbiy tadqiqotlar kengashi (ICMR) Karnataka shtatida metapnevmovirus (HMPV) bilan kasallangan ikki holatni aniqladi. Bu haqda "Hindustan Times" nashri xabar berdi.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ikkala holat ham bronxopnevmoniya (bronxit va pnevmoniya alomatlari va belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan kasallik) bilan bog‘liq. Shifoxonaga yotqizilgan ikki nafar chaqaloqda metapnevmovirus aniqlangan. Anamnezida bronxopnevmoniya bo‘lgan uch oylik qizcha davolanishdan so‘ng chiqarilgan, sakkiz oylik o‘g‘il bola esa hali ham davolanmoqda.
Bemorlarning birortasi ham mamlakatdan tashqariga sayohat qilmagan. Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi virus butun dunyo, shu jumladan, mamlakatda ham faol tarqalayotganini ta’kidladi.
Biroq, ICMR va kasalliklar monitoringi dasturi (IDSP) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘tkir respirator kasalliklar sonining sezilarli o‘sishi kuzatilmagan.
Hindistonda respirator kasalliklarning ehtimoliy tarqalishini boshqarish uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Bu mamlakatga kasallanish sonining ko‘payishiga tayyor bo‘lish va har qanday tahdidlarga samarali javob berish imkonini beradi.
Qirg‘izistonda metapnevmovirusning ikki holati, Qozog‘istonda esa 30 kishida aniqlangan. Xitoyda metapnevmovirusga chalinish keskin qo‘paymoqda. Kasallik O‘zbekistonda ham qayd etilgan. Sanepidqo‘mitaga ko‘ra, ushbu respirator infeksiyalarning so‘nggi laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra: 36,9 foizida gripp virusi, 30,2 foizida rinovirus, 28,6 foizida respirator-sinsitial virus, 1,2 foizida metapnevmovirus va 3,1 foizida boshqa viruslar aniqlangan. ushbu respirator infeksiyalarning so‘nggi laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra: 36,9 foizida gripp virusi, 30,2 foizida rinovirus, 28,6 foizida respirator-sinsitial virus, 1,2 foizida metapnevmovirus va 3,1 foizida boshqa viruslar aniqlangan.