AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida 51 yoshli ayol is gazidan zaharlanib vafot etdi

Prokuratura tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

'Toshkent viloyatida 51 yoshli ayol is gazidan zaharlanib vafot etdi'ning rasmi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida is gazidan zaharlanish oqibatida o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati darakchi.uz'ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, shahar IIB navbatchilik qismiga 23 yanvar kuni Zarbuloq mahallasida yashagan, 1974 yilda tug‘ilgan D.X. (ayol) vafot etgani haqida xabar kelib tushgan.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda aytilishicha, ayol tunda gaz plitasiga suv to‘la idishni qo‘ygan, ammo birozdan so‘ng o‘zi uxlab qolgan. Idishdagi suv qaynab tugagan bo‘lsa ham, gaz yonishda davom etgan.

Ayolning eri uyg‘onib ketgach, gazni o‘chirgan, unda ham zaharlanish alomatlari bo‘lgan va shifoxonaga yotqizilgan, deyiladi xabarda.

Ekspertizaga ko‘ra, marhumaning o‘limi o‘tkir is gazidan zaharlanishdan yuzaga kelgan o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi oqibatida vafot etgani ko‘rsatilgan.

Hozirda shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi BP tomonidan taqdim etilgan axborotda.

    Boshqa yangiliklar