Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida 22 iyun kuni kechqurun kuchli quyun kuzatildi. Tabiiy ofat oqibatida o‘nlab uylar zarar ko‘rgan, kamida 16 kishi jarohat olgan.

Ma’lum qilinishicha, quyun dastlab Malaya Laya qishlog‘ida kuzatilgan. Keyinchalik u kuchayib, Kushva shahrigacha yetib borgan. Eng katta zarar aynan shu hududda qayd etilgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aholisi 27 ming nafarga yaqin bo‘lgan Kushva shahrida 99 ta xususiy uy shikastlangan. Ularning 32 tasi butunlay vayron bo‘lgan.

Tabiiy ofat oqibatida 16 kishi turli darajada jarohat olgan. Jabrlanganlardan biri qo‘li singan holda Nijniy Tagil shahridagi shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, elektr uzatish tarmoqlariga yetkazilgan zarar tufayli bir necha ming iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. Ayrim hududlarda ichimlik suvi ta’minotida ham uzilishlar kuzatilgan.

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan Kushva shahrida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan. Hududda favqulodda holat rejimi joriy etilgan va aholi uchun vaqtincha joylashtirish punktlari tashkil etilgan.
Mahalliy nashrlarning yozishicha, kommunal xizmatlar ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini davom ettirmoqda. Shu munosabat bilan aholidan ko‘chalarni tozalash ishlarida ko‘maklashish so‘ralgan.

Meteorologlar esa bunday ekstremal ob-havo hodisalari boshqa hududlarda ham kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Mutaxassislar buni atmosferadagi ekstremal jarayonlar soni ortishi bilan izohlamoqda.






