Urganch shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Javohir Maqsudov o‘qish bilan birga frilanserlik ortiqdan daromad topmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Javohir 15 yoshidan zamonaviy kasblarni o‘rganish maqsadida dasturlash, kopirayting, grafik dizayn, mobilografiya, montajyorlik, vizual piar hamda SMM sohalarini mukammal o‘rganishni boshlagan.
“9 yoshimda otam uyimizga noutbuk olib kelib, uni boshdan oyoq tushunib, kompyuterda bemalol ishlaydigan bo‘ling, mabodo kompyuter ishdan chiqib qolsa ham, o‘zingiz ta’mirlab, barcha dasturlarni qanday ishlashini o‘rganib oling, deb qo‘limga topshirgan edilar. Shu mendan IT sohasini jiddiy o‘rganishga kirishishimga turtki bo‘ldi” — deydi o‘quvchining o‘zi.
Ayni vaqtda Javohir zamonaviy kasblarni o‘rganish ortidan, kreativ fikrlash qobilyati, ijodiy salohiyati sababli “KHISO” Olypiads school, "Urganch sohil bo‘yi uylari" qurilish kompaniyasi, “Unify” o‘quv markazi hamda Yoshlar ishlari agentligining Xorazm viloyati boshqarmasida frilanser sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Javohir IELTSdan 6,5 ball olgan va Westminster Xalqaro Universitiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.