AsosiyJAMIYAT

Samarqandda daryo qirgʻogʻi emirilib, temiryoʻl shikastlandi

Samarqandda suv oqimining keskin oshishi natijasida temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetdi. Hodisa yuzasidan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rasmiy izoh berdi.

'Samarqandda daryo qirgʻogʻi emirilib, temiryoʻl shikastlandi'ning rasmi

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida Zarafshon daryosi suvining keskin ko‘payishi oqibatida Samarqand—Urgut temiryo‘l yo‘nalishining bir qismi shikastlandi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 3 iyul kuni yuzaga kelgan holatga O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik sabab bo‘lgan. Natijada daryoda suv sarfi odatdagi 80–100 kub metr/soatdan 300 kub metr/soatgacha oshgan.

Kuchli oqim daryo qirg‘oqlarini yuvib ketgan va ayrim joylarda o‘zan yo‘nalishini o‘zgartirgan. Shu bois temiryo‘lga yaqin hududlarda daryo o‘zani 30–40 metrgacha kengayib, temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bunday holat ushbu hududda so‘nggi 20 yil davomida qayd etilmagan.

Hozirda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Daryo qirg‘oqlari xarsang toshlar bilan mustahkamlanyapti, ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb qilingan.

Shuningdek, hududga 30 ta dumplar vagonda xarsang toshlar yetkazilgan, yana 130 ta dumplar vagon qurilish materiallari bilan yo‘lga chiqarilgan.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" temiryo‘l qatnovini tez orada to‘liq tiklash va poyezdlar harakatining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar