AsosiyJAMIYAT

O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oshiriladi

Prezidentning “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

'O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oshiriladi'ning rasmi

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shundan so‘ng yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘mni tashkil etadi. Nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘mga yetkaziladi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 504 ming so‘m etib belgilanadi.

Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi ham oshiriladi. Xususan, 3 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun oyiga 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun esa 295 ming so‘m to‘lanadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m ajratiladi. Moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m etib belgilanadi.

Shuningdek, 2026 yil 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari 7 foizga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.

Mazkur qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

    Boshqa yangiliklar