Yevropada kuzatilayotgan anomal issiq to‘lqini Fransiyada qator fojiali oqibatlarga sabab bo‘ldi. Mamlakatda 18 iyundan buyon 40 kishi suvda cho‘kib halok bo‘lgan. Bu haqda Fransiya hukumati ma’lum qildi.
Fransiya Mudofaa vaziri va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Sebastyan Lekornyuning aytishicha, qurbonlarning aksariyati ruxsat etilmagan va nazorat qilinmaydigan suv havzalarida cho‘milgan.
Mamlakatning katta qismida yuqori harorat xavfi e’lon qilingan. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, 23 iyun kuni ayrim hududlarda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilgan bo‘lsa, g‘arbiy mintaqalarda 43 darajagacha yetishi kutilmoqda.
Jazirama tufayli aholi kanal va daryolarda cho‘milish orqali salqinlashishga harakat qilmoqda. Fransiya Sport vaziri Marina Ferrari fuqarolarning issiqdan qochish istagini tushunishini bildirgan bo‘lsa-da, xavfli va ruxsat etilmagan joylarda suvga tushmaslikka chaqirdi.
Issiq to‘lqini mamlakat iqtisodiyotiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Parij va Bryussel o‘rtasidagi ayrim temiryo‘l qatnovlari bekor qilingan, shaharlarda ventilyatorlarga talab keskin oshgan. Ko‘p qavatli uylardagi aholi esa yuqori harorat sababli tungi dam olishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
Fransiyaning MEDEF ish beruvchilar uyushmasi rahbari Patrik Martenning ta’kidlashicha, korxonalar xodimlarni issiq ta’siridan himoya qilish uchun maxsus choralar ko‘rmoqda.
Jazirama Yevropaning boshqa davlatlariga ham ta’sir qilmoqda. Italiyada 15 ta shahar uchun eng yuqori darajadagi xavf e’lon qilingan. Buyuk Britaniyada havo harorati 37 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Ispaniyaning ayrim hududlarida esa harorat 44 darajagacha yetishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilgan.
Mutaxassislar mazkur issiq to‘lqinini “Omega bloki” deb atashmoqda. Bu atmosferadagi havo oqimlari yunon alifbosidagi Ω harfiga o‘xshash shakl hosil qilishi bilan bog‘liq bo‘lib, issiq havoning ma’lum hudud ustida uzoq vaqt saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.






