Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi xonadonlarning biridan eshak hayvoni terisi va go‘sht mahsulotlari olingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIBB axborot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 yanvar kuni Toshkent viloyati IIBB Karantin tadbirlarini tashkil etish bo‘linmasi va hamkorlikdagi tashkilotlar tomonidan, aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash yo‘nalishida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Oqqo‘rg‘on tumanida eshak suyaklarini suvga tashlab ketilayotgan holatdan boshlangan tadbir, Ohangaron tumanida davom ettirilib, 3 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlangani va tergovga qadar surishtiruv olib borilayotgani haqida xabar berilgan.
Surishtiruvlar Nurafshon shahrida ham davom ettirilgan va tadbir davomida eshak hayvoni terilari va go‘sht mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olingan.
Tekshiruvlar yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.