Yig'ilishda Toshkent shahri, xususan Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhitni ta'minlash masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, olti yil avval Sergeliga qo'shilgan 13 ta mahallada hozir 14,5 ming xonadon mavjud bo'lib, 50 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ushbu hududlarda 629 ta ustun o'rnatilgan va kabel tortilgan bo'lsa-da, yoritish tizimi hali ishga tushmagani tanqid qilindi. Mas'ullarga 10 kun ichida muammoni bartaraf etish topshirildi.
Shuningdek, elektr ta'minotidagi muammolar, ayrim hududlarda kuchlanish me'yordan past ekani qayd etildi. “Shaharoldi”, “O'zgarish” va “Qumariq” nimstansiyalarini ishga tushirish orqali barqaror elektr ta'minotini yo'lga qo'yish vazifasi qo'yildi. Yil yakunigacha barcha mahallalarni kanalizatsiya tarmog'iga ulash belgilandi.
Xavfsiz muhit masalasida esa so'nggi olti oyda 230 ta mahallada jinoyat qayd etilmagan, 332 ta hududda jinoyatlar keskin kamaygani aytildi. Kriminogen vaziyati og'ir bo'lgan 29 ta mahalla “yashil” toifaga o'tkazilib, 17 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan.
Prezident “O'zgarish” mahallasi tajribasini ommalashtirish, qolgan mahallalarni ham “yashil” toifaga o'tkazish hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo'yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.






