Navoiy viloyati Navbahor tumanida 2011 yilda tug'ilgan ikki o'smir kanalga cho'kib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 2 iyul kuni soat taxminan 13:30 da voyaga etmagan B.R. va S.A. "Beshrabot–Konimex" kanali "Yangiobod" MFY Bunyodkor ko'chasidan oqib o'tuvchi qismiga sinfdoshlari bilan cho'milish uchun borgan va suvga cho'kib halok bo'lgan.
Tergovga qadar o'tkazilgan tekshiruvlar davomida hodisada jinoyat alomatlari aniqlanmagan.
Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko'ra, o'limga yuqori nafas yo'llarining suv bilan berkilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo'lgan bo'lishi mumkin.
Shuningdek, tekshiruv jarayonida "Hududiy elektr tarmoqlari" Navbahor tuman bo'limi mutaxassislari ishtirokida kanal yonidagi suv nasosi tekshirilgan. Uskuna suvga tushirib ko'rilganda elektr toki mavjud emasligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Navbahor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






