Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonundagi normalar oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish, qayta shu kabi tazyiqqa uchrash holatlarining oldini olish, turar joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.
Mazkur qonunga ko‘ra, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkin.
Ushbu hujjatning qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishga, shuningdek xotin-qizlarning faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.