Shu kunlarda Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Mullo Abdul G‘ani Barodar dastlab hukumatimiz rahbari o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan uchrashib, savdo va tranzit aloqasini mustahkamlash, qo‘shma savdo zonalari tashkil etish masalasini muhokama qildi.
Yuqori martabali muzlozim Afg‘oniston va O‘zbekistonni diniy, tarixiy, madaniy va etnik mushtaraklik bog‘lab turishini yana bir bor esga olib, bu jihat ikki o‘lka siyosiy, iqtisodiy munosabatlariga chuqur ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini e’tirof etdi. Shu bilan birga Transafg‘on loyihasi, 500 kilovattlik elektr uzatish tizimi yaratilishi haqida gapirdi. O‘zaro savdoda milliy valyutalardan foydalanish, uglevodorod va mineral resurslar bo‘yicha kelishuv amalga oshirish, o‘zbekistonlik ishbilarmonlarning Afg‘onistonda turli sohalarga sarmoya kiritishi imkoniyatini o‘rganish taklifini ilgari surdi. Sarmoyadorlarga zarur qulayliklar yaratish masalasi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
O‘z navbatida J.Xo‘jayev o‘zbek tadbirkorlari ushbu qardosh davlatda neft va gazni qidirish va qazib olish orqali sanoatni rivojlantirish, masalan Samangan viloyatida sement zavodi barpo etish uchun investitsiya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, “Toti Maydon” gaz konini qidirish jarayonida allaqachon sezilarli natijaga erishilgan, tez orada qazish ishlari boshlanadi.
Afg‘onistonlik iqtisodiy tahlilchi Ahmad Firdavs Behg‘ozin fikricha, qo‘shnilar va boshqa davlatlar bilan mustahkam aloqa tiklanishi mamlakat iqtisodiy salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul G‘ani Barodar bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi.
Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot davomida davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabat do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangani, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan barcha sohalarda konstruktiv va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Sheriklikni yanada kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, energetika, transport va boshqa sohalarda izchil rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muzokaralar, keng qamrovli fikr almashuv qo‘shni mamlakatning tinch va barqaror rivojlanishi, eng avvalo mintaqa davlatlari bilan birga jahon hamjamiyatiga har tomonlama integratsiyalashuvi uchun zaruriy shart ekanini yana bir karra tasdiqladi.