Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil birinchi choragida mamlakatda faol rezumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 mingtaga yetgan.
Regulyator qayd etishicha, ish qidiruvchilar sonining keskin oʻsishi mehnat bozorida raqobatni kuchaytirib, ayrim yoʻnalishlarda ish haqining oshishiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.
Tahlillarda taʼkidlanishicha, ushbu davrda mehnat bozorida bandlik barqaror oʻsishda davom etgan. Asosiy oʻsish xizmatlar sohasi hissasiga toʻgʻri kelib, moliya, sugʻurta, professional va texnik xizmatlar hamda maʼmuriy xizmatlarda bandlik sezilarli ortgan.
Markaziy bank qishloq xoʻjaligida bandlik qisqarishini mehnat resurslarining boshqa tarmoqlarga qayta taqsimlanishi bilan izohlagan. Shu bilan birga, sanoat va savdo sohalarida ham bandlik barqaror o‘sgani qayd etilgan.
Hisobotga koʻra, mehnat bozorida ishchi kuchiga talab saqlanib qolmoqda. Eng yuqori ehtiyoj xizmatlar, chakana savdo, qurilish va umumiy ovqatlanish sohalarida kuzatilgan.
Shu davrda oʻrtacha nominal ish haqi 17,4 foizga, real ish haqi esa 9,5 foizga oshgan.
Tashqi mehnat migratsiyasida ham faollik kuzatilmoqda — joriy yilning dastlabki uch oyida 1,63 million nafar Oʻzbekiston fuqarosi xorijga chiqqan. Rossiyada mehnat qilayotganlar soni biroz kamaygan boʻlsa, Turkiya va Janubiy Koreyada ishlayotganlar soni ortib bormoqda.






