AsosiyJAMIYAT

Dorixonalarda minglab retseptli dorilarning narxi tushirildi

O‘zbekistonda dorixonalarda retsept asosida sotiladigan 2,5 ming nomdagi dori vositalari uchun yangi cheklangan "referent" narxlar joriy etildi.

'Dorixonalarda minglab retseptli dorilarning narxi tushirildi'ning rasmi

1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda dorixonalarda retsept asosida sotiladigan 2,5 ming nomdagi dori vositalari uchun yangi cheklangan "referent" narxlar joriy etildi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, antibiotiklar va mikroblarga qarshi vositalar narxi 50,1 foizgacha, yurak-qon tomir tizimi uchun mo‘ljallangan dorilar 37 foizgacha, asab tizimi dori vositalari 40 foizgacha, yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi preparatlar esa 42 foizgacha arzonlashtirildi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, endi mazkur dori vositalarini belgilangan referent narxdan yuqori bahoda sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq qo‘mitasining axborot tizimi yuqori narxda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalarni avtomatik tarzda aniqlab, ularni qabul qilmaydi.

Qayd etilishicha, referent narxlar xalqaro amaliyot asosida shakllantiriladi. Bunda xorijdagi o‘rtacha narxlar, ishlab chiqaruvchi mamlakatdagi qiymat hamda O‘zbekistonga import qilingan dori vositalari bo‘yicha shartnoma narxlari hisobga olinadi.

Fuqarolar dori vositalarining cheklangan narxlarini pharm.gov.uz sayti yoki "PharmUz" mobil ilovasi orqali tekshirishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar