2025 yilga mo‘ljallangan restoran narxlari indeksi bo‘yicha mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 139 ta davlat orasida 17-o‘rinni egalladi.
Mamlakat indeksi 20,8 ni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich restoran va barlardagi oziq-ovqat hamda ichimliklar narxini AQSHning Nyu-York shahridagi narxlar bilan taqqoslaydi. Qo‘shma shtatlardagi indeks 100 deb qabul qilingan. Shu tariqa O‘zbekistondagi narxlar Nyu Yorkka qaraganda o‘rtacha 79,2 foizga past.
Eng past ko‘rsatkichlar Liviya, Madagaskar va Afg‘onistonda, eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Shveysariya, Islandiya va Bagam orollarida qayd etilgan.
MDH davlatlari orasida esa O‘zbekistondagi restoran xizmatlari eng arzon deb topildi. Taqqoslash uchun: Qirg‘izistonda bu indeks 21,4, Rossiyada – 21,8, Ukrainada – 21,9, Moldovada – 27,2, Belarusda – 27,5, Qozog‘istonda – 28, Ozarbayjonda – 33,1 va Armanistonda – 42,3 ni tashkil etdi.