AsosiyJinoyat
5253

Mashina balloni o`g`rilari qonun oldida javob beradigan bo`ldi

Bugungi kunda yurtimizda mehnat qilib halol pul topib hayot kechirish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanayotganlar talaygina. Afsuski, ba`zi kimsalar yalqovlik qilib mashaqqatlarsiz kerakli narsalarga osongina erishishni istaydilar. Ushbu istak yo`lida ular xatto o`zgalar mulkini talon-taroj qilishdan ham qaytmaydilar. Javlon Nurmat va Salimlar (ism-familiyalar o`zgartirilgan) shunday shaxslardan hisoblanadi. 

Javlon 2015 yilning 26 dekabr kuni kechqurun uyiga qaytayotganida yo`l chetida turga “Matiz” rusumli avtouloviga ko`zi tushib qoladi.  Shu vaqtda unda mashinaning g`ildiraklarini echib, sotib yuborib tekin daromad egasiga aylanish fikri paydo bo`ladi.  Bu ishni bir o`zi uddalay olmasligini sezib, o`ziga sherik qidiradi. Qarshisida mahalladoshi Nurmatni uchratadi.

—  Daromadli ish bor? Qilasanmi? — so`radi Javlon undan hol-ahvol so`ragandan so`ng.

—  Qanday ish ekan? — javob berdi Nurmat.

—  Bir joyda “Matiz” qarovsiz holda turibdi. Menimcha uning egasi hozir boshqa joyda shuni g`ildiraklarini bo`shatib, pullab yuboramiz va bayram qilamiz, — deya qiziqtirdi  Javlon uni. Nurmatga uning taklifi moydek yoqib tushdi, chunki unga pul kerak bo`lib turgandi.

Shundan so`ng ikkalla “shovvoz” avtoulovning oldiga kelishadi. Biroz muddat yon-atrofni sergaklik bilan kuzatishadi. Hech zog` yo`qligiga ishonch hosil qilishganidan keyin ishga kirishadilar. Nurmat  “klyuch”ni olib g`ildiraklarni bo`shata boshlaydi. Sherigi esa unga yordamlashdi. Lekin ularning rejalashtirgan ishlari o`zlari o`ylaganchalik oson kechmaydi.  Yigitlar qanchalik urinmasin g`ildiraklarni mashinadan ajrata olishmaydi. 

—  Yana bitta sherik topish kerak, — deydi Javlon. Nurmat uning fikrini ma`qullaydi.

—  Biror tanishing yo`qmi? — so`radi Javlon. Nurmat qo`shnisi Salim bilan gaplashib ko`rishni aytdi. So`ngra ular Salimning uyi tomon ketishdi. Nurmat qo`shnisini chaqirib, unga taklifini aytib ko`ndiradi. Ular endi uch kishi bo`lib o`ljani oldiga kelishadi. Bu erda ishlarini tamomlab juftakni rostlashadi. Katta ko`chaga chiqib taksi to`xtatishadi. Narxni kelishib, yo`lga tushadilar. Yo`lovchilar haydovchiga g`ildiraklarning o`g`irlangani haqida so`zlashadi. Bu gapni eshitgan haydovchi ularni mashinasidan tushirib yuboradi. O`g`rilar yo`l chetida taksi qidira boshlashadi. Shu payt uning oldiga yigitlardan birining tanishi kelib to`xtaydi. Yo`l-yo`lakay esa shovvozlardan biri haydovchidan pul so`raydi:

—   Menga 100.000 so`m berib turing, juda ham zarur, garovga g`ildiraklarni beraman.

—   Bu g`ildiraklar kimniki? — so`radi haydovchi.

—  Bir tanishimniki, qo`rqmang, o`g`irlanmagan, — deya yolg`on gapirib haydovchidan pul oladi. Va ular shu yaqin o`rtadagi choyxonalarning biriga borishib, tundagi ovda qo`lga kiritgan o`ljaning puliga maishat qilishadi. Ular xush kayfiyatda uylariga ravona bo`ladilar. Bu voqeadan bir necha kun o`tib, talonchilarning xonadoniga qonun himoyachilar kelib qo`llariga kishan taqishadi. Endi bu yigitlar qilmishlari uchun qonun oldida javob berishga majbur.  

Zuhriddin RAHMONOV

Boshqa yangiliklar