AsosiyJamiyat

Tramp Xitoy tovarlariga bojni ikki baravar oshirdi

U bunga sabab sifatida Pekinning Qo‘shma Shtatlardagi narkotrafik muammosiga qarshi kurashda yetarli chora-tadbirlar ko‘rmaganini ko‘rsatmoqda.

'Tramp Xitoy tovarlariga bojni ikki baravar oshirdi'ning rasmi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan import qilinadigan tovarlarga bojxona tariflarini 10 foizdan 20 foizga oshirdi. U bunga sabab sifatida Pekinning Qo‘shma Shtatlardagi narkotrafik muammosiga qarshi kurashda yetarli chora-tadbirlar ko‘rmaganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Oq uy rahbarining tegishli farmoni e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, joriy yil 1 fevral kuni chiqarilgan avvalgi farmonga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, unda Xitoy uchun 10 foizli bojxona tariflari joriy etilgani bayon qilingandi. Trampning yangi farmoniga muvofiq, ushbu foiz miqdori endi ikki baravarga oshiriladi va 20 foizni tashkil etadi.

“XXR noqonuniy giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq inqirozni yumshatish uchun yetarli choralar ko‘rmaganini inobatga olib, ijroiya farmonining 14195-sonli hujjatining 2(a) bo‘limiga o‘zgartirish kiritiladi. Unda “10 foiz” so‘zi olib tashlanib, o‘rniga “20 foiz” so‘zi qo‘shiladi”, deyiladi Oq uy tomonidan e’lon qilingan farmonda.

Hujjatga muvofiq, Vashington Xitoyni sintetik opioidlar, jumladan, fentanilning AQSHga oqimini to‘xtatish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmaganlikda ayblamoqda. AQSH rasmiylari bunday vaziyatni mamlakat milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga “g‘ayrioddiy va favqulodda tahdid” deb baholamoqda. E’tiborlisi, Donald Tramp ko‘pincha tariflar joriy etish tahdidini savdo hamkorlariga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llab kelgan. U bunday bojxona tushumlari ichki loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlab keladi. 

Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridayoq u Xitoy importiga 10 foizlik boj joriy qilishga tayyorligini bildirgan edi. Bunga sabab sifatida esa Xitoydan AQSHga, asosan Meksika orqali kirib kelayotgan noqonuniy narkotik yetkazib berilishi ko‘rsatilgandi. Biroq Tramp o‘sha paytda import tovarlariga tarif joriy qilishni xohlamasligini, ammo mavjud sharoit bunga majbur qilganini ham bildirgan.

    Boshqa yangiliklar