Avvalroq, Jizzax viloyatida Cobalt haydovchisi yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan 13 va 4 yoshli opa-singillarni urib ketgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur YTHni sodir etib, opa-singillarning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi qamaldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2024 yilning 18 noyabr kuni soat 19:30 atrofida Jizzax viloyati Baxmal tumanida sodir bo‘lgan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan 1991 yilda tug‘ilgan A.O. Cobalt rusumli avtomashinasida “O‘smat” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan paytida yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodalar – 2011 yilda tug‘ilgan I.M. va uning singlisi 2020 yilda tug‘ilgan I.K.larni urib ketib, hodisa joyidan yashiringan.
YTH oqibatida opa-singillar og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan sud ishi Baxmal tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, haydovchi 3 yil muddatga avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etildi va unga nisbatan 9,5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, jabrlanuvchining qonuniy foydasiga 145 mln so‘m miqdorida ma’naviy va moddiy zarar to‘lash majburiyati yuklatildi.