Turkiyada sud Istanbul meri Ekrem Imamog‘luni korrupsiya ishi bo‘yicha qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Shu bilan bir paytda, bugun muxolifatdagi Respublika-xalq partiyasi prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatish uchun dastlabki saylovni o‘tkazmoqda va unda yagona nomzod Imamog‘ludir. Namoyishlar davom etyapti.
23 mart kuni Turkiyada sud Istanbul shahri meri Ekrem Imamog‘luni korrupsiya tergovining bir qismi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Sud qaroriga ko‘ra, korrupsiyada ayblanayotgan Imamog‘lu ish bo‘yicha sud jarayoni tugaguniga qadar qamoqda saqlanadi, deb yozmoqda CNN Türk.
"Bu qaror bizning sud tizimimiz uchun sharmandalikdir", — dedi Anqara meri Mansur Yavash vaziyatga munosabat bildirib.
Tergovda 100 nafar gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy uyushmani boshqarish, unga a’zolik, korrupsiya, poraxo‘rlik, firibgarlik, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda egallash va kimoshdi savdosiga korrupsiyaviy aralashuv kabi ayblovlar qo‘yilgan
22 mart kuni Istanbul va Turkiyaning boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida, mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya ma’lumotiga ko‘ra, 323 kishi qo‘lga olingan. Politsiya yana suv purkagich va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi.