NATO bosh kotibi Mark Ryutte: Ukrainadagi urush tugasa ham Rossiya bilan munosabatlar normallashmaydi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Ukrainadagi urush yakunlanganidan so‘ng ham alyans Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
Varshavada jurnalistlar bilan suhbatda Ryutte “Bu sodir bo‘lmaydi. Bu o‘nlab yillarga cho‘ziladi, chunki ishonch butunlay yo‘qolgan. Xavf hali ham saqlanib qolmoqda… Urush yakunlangan taqdirda ham, Rossiya tahdidi davom etadi.”, deya bayonot bergan.
Ryuttening fikriga ko‘ra, NATO va Rossiya o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qligi diplomatik aloqalarni tiklashga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Ryutte Moskvadan kelayotgan tahdid Ukrainadagi urushning faol fazasi tugaganidan keyin ham davom etishini ta’kidladi.
Polshaga tashrifi chog‘ida Ryutte Rossiyaning NATO hududiga ehtimoliy hujumi xavfi haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday holat alyans tomonidan qat’iy javob choralarini keltirib chiqaradi:
"Agar kimdir noto‘g‘ri hisob-kitob qilib, Polshaga yoki boshqa biror ittifoqchi davlatga hujum uyushtirish mumkin deb o‘ylasa, u NATOning butun qudratiga ro‘para bo‘ladi. Javobimiz halokatli bo‘ladi", — dedi u.
Ryutte, shuningdek, Rossiyani NATO uchun eng muhim va jiddiy tahdid deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva harbiy iqtisodiyotga o‘tmoqda va o‘z harbiy qudratini oshirmoqda.
Avvalroq, Mark Ryutte Rossiya uch oyda NATO bir yilda ishlab chiqaradigan miqdordan ko‘proq o‘q-dori tayyorlayotganini ta’kidlab, bu holatni "barqaror emas" deb baholagan va alyansni mudofaa sanoati hajmini oshirishga chaqirgan edi.
Abdulloh Sayyid