Andijon viloyatida suyultirilgan gaz mahsuloti noqonuniy saqlanayotgan “bunker” faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, gaz ta’minoti bo‘limi va huquq-tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida suyultirilgan gaz ta’minotidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirlari o‘tkazilgan.
Tadbirda “Shahrixontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi chilangari J. X. o‘ziga biriktirilgan maxsus avtotransport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqargan holda aholi iste’molchilariga tegishli bo‘lgan suyultirilgan gazni tuman gaz bo‘limida qorovul vazifasida ishlovchi A.T. bilan birgalikda tarqatish jarayonida belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqib, Shahrixon tumani Nurafshon ko‘chasidagi noturar bino hududiga olib kirib, tushirayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan. Mazkur binoda jami 155 dona maishiy gazballonlari yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan. Shuningdek, 1 dona elektron tarozi, avtomobillarga propan gaz o‘tkazish uchun maxsus moslashtirilgan 2 dona rezina shlang va og‘ir qoldiqni to‘kib olib saqlash uchun mo‘ljallangan 10 dona plastmassa idish borligi ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.