Turkiyada Istanbuldan Bodrumga uchayotgan Pegasus Airlines aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti chaqmoq urishiga qaramay, xavfsiz tarzda qo‘ndi, deya yozmoqda "Zamon.uz".
Dastlab Bodrumning Milas aeroportiga qo‘nishi rejalashtirilgan samolyot, noqulay ob-havo tufayli yo‘nalishini o‘zgartirib, Egey mintaqasidagi Dalaman aeroportiga qo‘ndirilgan edi.
Xabar berilishicha, havo sharoiti yaxshilangach, samolyot yana Bodrum tomon parvoz qilgan. Ammo parvoz vaqtida kutilmagan holat yuz bergan — samolyotni yashin urgan. Voqea samolyot bortidagi yo‘lovchilar uchun vahimali bo‘lsada, hech kimga zarar yetmagan.
Samolyot oxir-oqibat Bodrumga muammosiz qo‘ngan. Texnik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda havo kemasida hech qanday jiddiy nosozlik aniqlanmagan. Voqea Turkiya ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, ko‘pchilik uchuvchilar va ekipaj a’zolarining hushyorligiga va samolyotning texnik barqarorligiga qoyil qoldi.