Prezident Shavkat Mirziyoyev cho‘llanishga qarshi kurashish, cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish hamda shaharlarda "yashil shahar" tamoyillarini joriy etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda 2026–2030 yillarda mamlakatda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish rejalari muhokama qilindi. Xususan, 1,27 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari tashkil etish taklif qilindi.
Davlat rahbari cho‘l hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash lozimligini ta’kidladi. Shu maqsadda "cho‘l iqtisodiyoti"ni rivojlantirish, galofit o‘simliklar yetishtirish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ekologik hamkorlikni kuchaytirish, 2040 yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya ishlab chiqish va "Yashil qalqon" dasturi doirasida qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Samarqand shahrini Markaziy Osiyodagi namunaviy "yashil shahar"ga aylantirish bo‘yicha Green Samarkand modeli taqdim etildi.
Loyihaga muvofiq, 2030 yilga qadar shaharda atmosferaga chiqadigan zararli tashlamalarni 51,2 ming tonnaga kamaytirish, havodagi PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdorini 50 foizga qisqartirish, qurilish maydonlaridan chiqadigan changni 80 foizga, transportdan chiqadigan zararli moddalarni esa 50 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Samarqandda maxsus ekologik-shaharsozlik rejimi joriy etiladi. Yangi quriladigan ob’ektlar uchun "yashil qurilish" talablari majburiy bo‘ladi. Shaharda 50 ta elektrobus xarid qilinishi, 2030 yilgacha jamoat transporti va taksiylarni bosqichma-bosqich elektr transportiga o‘tkazish, 102,7 kilometr uzunlikdagi "yashil belbog‘" barpo etish ham rejaga kiritilgan.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarishda Zero Waste Samarkand, iqlim siyosatida Carbon Neutral Samarkand, turizm sohasida esa Green Hotels Samarkand kabi ekologik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflarni ma’qullab, cho‘llanishga qarshi kurashish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, shaharsozlikda ekologik talablarni kuchaytirish hamda aholi uchun sog‘lom atrof-muhit yaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






