AsosiyJAMIYAT

Andijonda 38,3 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari talon-toroj qilingani fosh etildi

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

'Andijonda 38,3 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari talon-toroj qilingani fosh etildi'ning rasmi

Andijon viloyatida davlat byudjeti mablag‘larini keshbek tizimi orqali talon-toroj qilish bilan bog‘liq yirik jinoyat sxemasi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro Y. Q. va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, beshta mas’uliyati cheklangan jamiyat nomidan soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan. Ularda go‘yoki boshqa korxonalar tomonidan 2,2 trillion so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani aks ettirilgan.

Shuningdek, gumonlanuvchilar savdodan tushgan mablag‘larni nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingan qilib ko‘rsatib, mahsulotlar aholiga sotilgani haqida soxta xarid cheklarini rasmiylashtirgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur sxema orqali 94 ming 921 nafar fuqaro, jumladan, "Ijtimoiy himoya yagona reestri"ga kiritilgan shaxslar nomiga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek mablag‘lari rasmiylashtirilgan. Shu yo‘l bilan davlat byudjetiga tegishli 38,3 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirish va rastrata qilish orqali talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish, ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    Andijonda 38,3 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari talon-toroj qilingani fosh etildi - Darakchi.uz