Tramp o‘rnatgan yangi import boji tariflari butun dunyo fond birjalarini yiqita boshladi. Xususan, Avstraliya va Osiyo bozorlarida katta yo‘qotishlar kuzatilmoqda.
Bugun, dushanba tongda ochilishidan so‘ng Osiyo va Avstraliya birjalarining indekslari keskin tushib keta boshladi. AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etgan yangi tariflar bunga sabab bo‘lgan.
Jumladan, Avstraliya birjasi indeksi, S&P/ASX 200, savdolar avvalida qimmatli qog‘ozlarning o‘rtacha 6,4 foizga pasayishini ko‘rsatdi va shu darajada barqarorlashdi.
Koreya fond bozori indeksi, KOSPI, savdo boshlanishi bilan 5 foizdan ortiq pasaydi.
Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi ham pasayib ketgan.
Ayniqsa yapon avtomobil korporatsiyalarining aksiyalari qadrsizlana boshlagan. Zero, yapon avtomobillari uchun Shimoliy Amerika, xususan, AQSH bu soha uchun o‘ta muhim bozor hisoblanadi. Tramp AQSHdan tashqarida ishlab chiqarilgan avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari uchun kiritgan 25 foizlik boj tarifi endi bu ulkan bozorni yapon avtomobillari uchun samarasiz qilib qo‘yadi. Eksport pasaysa daromad ham pasayadi. Shu bois avtomobil kompaniyalarining aksiyadorlari narxlar pasayib ketmasidan qo‘llaridagi aksiyadlarini sotib yuborishga intilmoqda.
Bu esa mazkur qimmatli qog‘ozlarning battar qadrsizlanib, narxlari tushib ketishiga olib kelyapti. Yaqin istiqbolda vahima boshlansa, bu qog‘ozlarning umuman qimmati qolmasligi ham mumkin.
Masalan, bugun birja savdolari ochilishidan so‘ng Honda avtomobil konsernining aksiyalari deyarli 8 foizga tushib ketdi, Nissan aksiyalari esa 10 foizga qadrsizlandi. Mtsubishi Motors aksiyalari ham taxminan 10 foiz qiymatini yo‘qotgan.
Shuningdek, Tayvan, Shanxay va Gonkong birjalarida ham pasayish kuzatilmoqda. Gonkongning Hang Seng indeksi ochilgandan yarim soat o‘tib taxminan 9 foizga tushdi, Shanxay birjasining SSE Composite Index indeksi — 6 foizga, Tayvanning TAIEX indeksi esa 9,6 foizga pasaydi.
Yangi tariflar e’lon qilinganining ertasidan boshlab, AQSH fond birjalarining indekslari pasayishni boshlagan, xususan, S&P 500 indeksi 3,2 foizga, Nasdaq va Dow Jones indekslari 4 foizga arzonlab ketgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp butun dunyo davlatlari uchun 10 foizlik boj joriy etgandi.
Abdulloh Sayyid