HAMAS tomonidan ushlab turilgan garovdagi fuqarolar masalasida hukumat harakatlarini tanqid qilgan zaxiradagi harbiylar va nafaqadagi ofitserlar imzolagan maktub Isroil armiyasi ichida urush bo‘yicha chuqur jarlik borligini namoyon etdi.
Isroil harbiy-havo kuchlarining yuzlab zaxiradagi askarlari va sobiq ofitserlari Isroil hukumatini HAMAS bilan kelishuvga erishish va garovdagilarni qaytarishga chaqiruvchi murojaatnomaga imzo chekdi. Buning uchun, hatto, G‘azodagi urushni to‘xtatishga ham tayyor bo‘lish lozimligi ta’kidlandi.
Qariyb ming nafar kishi, jumladan, sobiq bosh shtab boshlig‘i va boshqa yuqori harbiy amaldorlar tomonidan imzolangan ushbu xat Isroil armiyasidagi ichki ziddiyatlar borligini fosh qilib qo‘ydi. Harbiy-havo kuchlari G‘azodagi urushda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda — ularning havodan bergan zarbalari anklavning katta qismini vayron qildi va minglab odamlarni o‘ldirdi.
Mazkur murojaat 2024 yil mart oyi o‘rtasida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vaqtincha otashkesim samarasizlikka uchraganidan so‘ng, garovdagilar taqdiriga oid xavotirlar yanada ortganini ko‘rsatdi. Ular 18 oydan ortiq vaqtdan beri G‘azoda HAMAS jangarilari tomonidan ushlab turilmoqda.
Bosh vazir Binyamin Netanyahuning ma’muriyati ushbu xatga darhol javob qaytarib, “harbiy harakatlar davrida Isroil mudofaa kuchlarini zaiflashtiradigan va dushmanni kuchaytiradigan bayonotlar kechirib bo‘lmas harakatlardir”, — deya e’tiroz bildirgan.
Isroil armiyasi mazkur xatni imzolagan faol xizmatdagi zaxiradagi askarlarni xizmatdan bo‘shatishga qaror qilganini ma’lum qildi. Biroq, imzolaganlarning ko‘pchiligi nafaqadagi harbiylar ekanini va ushbu ishdan bo‘shatishlar ko‘p sonli bo‘lmasligini bildirdi. Mazkur jarayon qachondan boshlab amalga oshirilishi aniq emas.
Bu murojaat harbiy-havo kuchlari a’zolari tomonidan hukumatning urushni olib borish tarziga qarshi qilingan eng ommaviy tanqidlardan biri bo‘ldi. Ayni shunday tanqidlar avval ham 2023 yildagi hukumat islohotlariga qarshi butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlar davomida ko‘zga tashlangan. O‘shanda harbiy uchuvchilar xizmatni tark etish bilan tahdid qilishgan edi.
HAMASning 2023 yil oktyabridagi hujumi so‘nggida namoyishlar to‘xtatilgan edi. Biroq joriy yilda hukumat qaytadan sud tizimida islohotlar o‘tkazishga, jumladan, sudyalarni tanlashda siyosiy nazoratni kuchaytirishga urina boshladi.
Urush davomida Isroilning yuqori harbiy rahbarlari bir necha bor yashirincha otishma to‘xtashi kerakligini talab qilganlar. Bu bilan garovdagilarni ozod qilish va askarlarga dam berish ko‘zda tutilgan. Yanvar oyida o‘tkazilgan vaqtincha sulhdan keyin muzokaralar uzilib qoldi va urush qayta boshlandi.
Payshanba kuni imzolangan xatda: “Urushni davom ettirish garovdagilarning o‘limiga olib keladi. Bu xavfsizlik emas, siyosiy manfaatlar uchun kurashdir”, — deyilgan.
“Jangni to‘xtating va barcha garovdagilarni qaytaring — hoziroq! Har bir o‘tayotgan kun ularning hayotini xavf ostiga qo‘yadi”.
Netanyaxu tanqidchilari uni shaxsiy siyosiy manfaatlarini garovdagilar taqdiridan ustun qo‘yganlikda ayblashmoqda. Agar urush HAMASni to‘liq yo‘q qilmasdan to‘xtatiladigan bo‘lsa, uning o‘ta o‘ngchi koalitsiyasi uni tark etish bilan tahdid qilmoqda.
Harbiy-havo kuchlarining sobiq yuqori amaldori, general-mayor Nimrod Sheffer o‘zini xatga imzo chekkanlar qatorida ekanini tasdiqlab, “59 nafar garovdagi isroillikni G‘azoda tashlab qo‘yish — axloqan nomaqbul”, — dedi.
“Kimdir bu haqda ovoz chiqarishi kerak. Ular uyga qaytishi shart. Endi sukut saqlab bo‘lmaydi”.
G‘azodagi falastinliklar uchun esa Isroilning yangi bombardimonlari g‘oyat og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, urush qayta boshlanganidan beri yana 1000 nafardan ziyod odam halok bo‘lgan. (Avval 50 mingga yaqin ayollar va bollar halok bo‘lgan edi).
Isroil rasmiylarining bildirishicha, havo hujumlari HAMAS jangarilari va ularning qurol-yarog‘ infratuzilmasini nishonga olmoqda. Ular bu hujumlar bilan HAMASni garovdagilarni ozod qilishga majburlashni maqsad qilgan.
Payshanba kuni Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumda qatnashgan HAMAS qo‘mondonini o‘ldirganini ma’lum qildi. Shu kuni, G‘azo shahrining Shajoiya tumanidagi havo hujumi oqibatida kamida 23 kishi, jumladan 8 bola halok bo‘lgani haqida G‘azo favqulodda holatlar xizmati ma’lum qildi. Isroil esa HAMASni fuqarolar yashaydigan hududlarda o‘z pozitsiyalarini joylashtirganlikda ayblamoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, chorshanba kuni Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan yana 40 kishining jasadi G‘azo bo‘ylab shifoxonalarga yetkazilgan.
Isroilning so‘nggi hujumi G‘azo hududining yarmidan ko‘p qismini qamrab olgan ommaviy evakuatsiya buyruqlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. New York Times tahliliga ko‘ra, bu ma’lumotlar Isroil armiyasi xaritalariga asoslangan. Sun’iy yo‘ldosh suratlari esa Isroil armiyasi G‘azoning eng janubiy shahri Rafahni ikki tomondan qurshab olganini ko‘rsatmoqda.
O‘tgan hafta Netanyaxu G‘azoda yangi koridor tashkil etilishini aytdi. Ushbu “Morag yo‘lagi” Rafahni G‘azo bog‘lanma qismi bilan uzib qo‘yishi mumkinligi aytilmoqda. Bu yo‘lak nomini Isroil 2005 yilda chiqib ketgan G‘azo janubidagi Morag posyolkasidan olgan bo‘lishi mumkin.
Abdulloh Sayyid