2025 yil 15 maydan “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida ishlash va sayohat qilish uchun xorijiy davlatlarga borish va kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida talaba yoshlarga ssuda ajratish tartibi joriy etiladi. shuni nazarda tutuvchi hukumat qarori 2 may kuni qabul qilindi.
Talaba yoshlarga Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiyaga “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida ishlash va sayohat qilish uchun borish va kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida ssuda ajratiladi.
Har yili 2 000 nafargacha talaba yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari (15 mln so‘m) miqdorida ssuda ajratiladi.
Ssuda ajratish haqidagi arizalar davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi. Ariza beruvchi quyidagi xujjatlarni ilova qiladi:
- xorijiy davlatdagi ish beruvchi bilan ariza beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;
- ariza beruvchi tomonidan ssuda qaytarilmaganda, ushbu mablag‘larni qaytarish majburiyatini o‘z zimmasiga oluvchi kafil jismoniy shaxsning so‘nggi 12 oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumot va qarz shartnomasi bo‘yicha kafil bo‘lishga rozilik arizasi - agar mavjud bo‘lsa;
- viza.
Talaba ajratilgan ssudani xorijiy davlatdan kelganidan so‘ng 1 oy muddatda qaytarish majburiyatini oladi.
1 kalendar yil davomida 2 000 nafar ariza beruvchiga ssuda ajratish ma’qullangandan so‘ng ariza qabul qilish to‘xtatiladi.
Ssuda ajratilgunga qadar, biroq ketma-ketligi bo‘yicha ssuda ajratilgan ariza beruvchilardan keyin ariza topshirgan shaxslar keyingi yil uchun ro‘yxatga qo‘yilmaydi hamda kelgusi yilda qaytadan murojaat qiladi.
Ma’lumot uchun, ssuda qaytarish sharti bilan ajratiladigan foizsiz qarz hisoblanadi.