Xitoyning Guychjou provinsiyasida yuz bergan fojia oqibatida ko‘plab insonlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tez orada sog‘ayib ketishini tilagan.
Xitoyning Guychjou provinsiyasida nima bo‘lgan edi?
2025-yilning 4 may kuni Xitoyning Guychjou provinsiyasida kuchli shamol daryoda suzib yurgan to‘rtta sayyohlik kemasini ag‘darib yuborishi oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan edi.
Halok bo‘lganlarning so‘nggisi 5 may kuni suvdan chiqarib olingan. Qolgan yo‘lovchilar qutqaruvchilar tomonidan qirg‘oqqa olib chiqilgan.
Xitoy OAVning yozishicha, 70 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ularning barchasining ahvoli qoniqarli.