Joriy yilning 21 aprel kuni Davlatimiz rahbari huzurida maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot tadbirida yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratish vazifasi qo‘yilgan edi.
Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va “Digital Generation Uzbekistan” NNM tomonidan sohaning yetuk mutaxassislari, rassom, dizayner, animator, videograf, fotograf va kontent yaratuvchilar ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
O‘quv treningi davomida:
• Sun’iy intellekt yordamida loyihalar ishlab chiqish,
• An’anaviy va raqamli rassomchilik,
• Animatsiyalar yaratish,
• Media — video va fotolar ustida ishlash,
• Ekologiya yo‘nalishlarida malakali mentor va ekspertlar tomonidan darslar o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulot jarayonlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” bolalar oromgohida tashkil etildi, jarayonlar 9 mayga qadar davom etadi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – bolalarda milliy qadriyatlarga hurmat va milliy o‘zlikni anglash hissini shakllantirishga qaratilgan milliy media mahsulotlarini yaratishdan iborat.
Tadbir doirasidagi mahorat darslarida “DIP animation”, “Lola animation” kabi yirik brendlar vakillari ishtirokida ochiq muloqot tadbirlari ham o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida: mashg‘ulotlarda sohadagi tajribasi va yutuqlariga ko‘ra saralab olingan 150 nafarga yaqin yosh iqtidorlar qatnashishmoqda.