“Hamas” 2023-yil 7-oktyabrda asirga olingan Isroil askari Idan Aleksandrni ozod qilishini e’lon qildi.
Bu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi arafasida ma’lum qilindi. Harakat bu qadamni o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoga insonparvarlik yordamini tiklash bo‘yicha muzokaralarning bir qismi deb atadi.
Idan yaqin 48 soat ichida ozod qilinishi kutilmoqda. HAMAS Tramp bu orqali Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga ko‘ndirishiga umid qilmoqda.
Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili bu xabarni Idanning oilasiga yetkazgan. Tramp esa bu harakatni “AQSH va vositachilar – Qatar hamda Misr – uchun yaxshi niyat belgisi” deb takidladi.
Isroil hukumati esa Idanning ozod qilinishi uchun hech qanday imtiyoz berilmaganini ta’kidlab, buni harbiy bosim natijasi sifatida ko‘rsatmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Isroil tomonidan hech qanday majburiyat olingani yo‘q.