AsosiyJamiyat

Internetdagi erkinlik va mas’uliyat

Huquqlar va majburiyatlarni aniq belgilash vaqti keldi.

'Internetdagi erkinlik va mas’uliyat'ning rasmi

Bugun uyqudan uyg‘onishimiz bilan ijtimoiy tarmoq va messenjerlarga kirishga oshiqamiz, hayotimizni real vaqt rejimidagi yangiliklar va postlarsiz tasavvur eta olmaymiz. Onlayn-platformalar yordamida nafaqat muloqot qilish, tezkor xabarlardan bahramand bo‘lish, balki ta’lim, tijorat, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda keng foydalanish imkoniyati bor.

Shu ma’noda hozirda blogerlar, inflyuyenserlar, ijtimoiy tarmoqlardagi turli guruh va kanal egalari axborot tarqatish, fikr bildirish, jamoatchilikka ta’sir o‘tkazish borasida mamlakatimiz media makonida faollik ko‘rsatmoqda. Biroq raqamli muhitda ularning erkinligi, huquqlari qay darajada? Shu nuqtayi nazardan, sohada ayrim muammolar borki, ular tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Masalan, ba’zi onlayn-platformalar tomonidan foydalanuvchilarga akkaunt yoki guruh/kanal ochish imkoniyati cheklanishi kuzatiladi. Ayrim davlatlarda ijtimoiy tarmoqlarning ro‘yxatdan o‘tish yoki foydalanish qoidalari murakkablashtirilgani sababli fuqarolar erkin faoliyat olib bora olmaydi. Qoidalarning noto‘g‘ri yoki noaniq bayon etilishi foydalanuvchilarga nisbatan nomuvofiq shart-sharoitlar yaratib, ularni himoyasiz qoldiradi.

Muammolar qatoriga kontent moderatsiyasi va moliyaviy foyda olish jarayoniga xalal berayotgan cheklovlar ham kiradi. Shunday platformalar borki, ijodiy yoki tijoriy faoliyat olib borayotgan foydalanuvchilarni daromad topish imkoniyatidan mahrum qiladi. Kontent tarqatish algoritmlari ba’zi foydalanuvchilarga “layk” bosilgan kontentni ko‘proq ko‘rsatadi, boshqa kontentni esa e’tiborsiz qoldiradi.

E’tiborga molik muhim masalalardan yana biri shundaki, foydalanuvchi o‘ziga mos kelmaydigan kontentdan himoyalanishda qiynaladi. Kontent filtrlash mexanizmlari samarasiz yoki noaniq ishlashi natijasida foydalanuvchini unga qiziqbo‘lmagan kontentdan muhofaza qilish murakkablashadi. Bunda, eng yomoni, bolalar va yoshlar uchun zararli kontentga oson kirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yuqoridagi muammolar foydalanuvchilar, blogerlar, inflyuyenserlar va ijtimoiy tarmoqlardagi resurslar egalari uchun aniq huquqlar, kafolatlar zarurligini ko‘rsatadi. Xususan:

• akkaunt, guruh, kanal ochish hamda onlayn-platformadan foydalanish qoidalari va shartlari to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumot olish;

• qonun bilan taqiqlanmagan har qanday usulda kontent tayyorlash, olish, joylashtirish, tarqatish; 

• fikrni erkin ifoda etish hamda o‘z huquqlari,qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;

• onlayn-platforma mulkdori yoki tarmoq moderatoriga talab (e’tiroz) bilan murojaat qilish;

• ijodiy, tijorat va boshqa qonuniy faoliyatdan daromad olish;

• agar o‘z qiziqishlari va qarashlariga zid kelsa, onlayn-platformalar tomonidan taklif etiladigan mahsulotlarni rad etish;

• onlayn-platformada noxush yoki qiziqtirmaydigan kontent namoyish etilishini cheklash;

• shaxsiy akkaunti, blogi yoki resursiga asossiz cheklov qo‘yilgan holda, sabablarini bilish.

Bu huquqlar faqatgina erkinlikni ta’minlash uchun emas, balki internet muhitida shaffoflik, adolat va xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida ham talab etiladi.

Darhaqiqat, xavfsizlik. Endi masalaning shu tomoniga e’tibor qaratsak. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlar ma’lumot almashish va voqea-hodisalardan xabardor bo‘lishda muhim vosita, dedik. Biroq ular orqali nafaqat foydali ma’lumotlar, balki zararli va qonunga zid axborotlar ham keng tarqalayotgani oxirgi paytlar jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, yolg‘on xabarlarning ko‘pligi, ma’lumotlar to‘g‘riligi yoki haqqoniyligini aniqlashning qiyinligi, axborot spekulyatsiyasi mavjudligi, odamlarning o‘zaro muloqoti davomida ba’zan etika normalarining qo‘pol ravishda buzilishi, o‘ylamasdan qilingan ayrim harakatlarni orqaga qaytarib bo‘lmasligi, qoldirilgan ba’zi noo‘rin postlarni o‘chirib bo‘lmasligi, yomon kuchlarning internetdan targ‘ibot maydoni sifatida foydalanishlari, shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi va boshqa texnik tahdidlarning mavjudligi.

Shu sababli fuqarolar, ayniqsa blogerlar, inflyuyenserlar va ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanal egalarining huquqlari bilan bir qatorda majburiyatlarini ham aniq belgilash muhim.

Bu hozirgi raqamli makonda odamlar uchun xavfsiz va sog‘lom muhitni shakllantirish uchun zarur. Shundan kelib chiqib, quyidagi majburiyatlar aniq belgilab qo‘yilishi lozim:

— Qonunlar doirasida faoliyat yuritish.

— Shaxsning huquq va erkinliklari, sha’n va qadr-qimmatini hurmat qilish. Internetdagi muloqot va kontent yaratish jarayonida shaxslarning huquqlarini kamsitishga, shuningdek, tahqirlash, tuhmat, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, kiberbulling kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik.

— Noqonuniy (jinoiy, ekstremistik, zo‘ravonlikka chorlovchi, dezinformatsiya va pornografik) kontentni joylashtirmaslik va tarqatmaslik.

— Noqonuniy kontent joylashtirilgan, tarqatilgan hollarda, uni o‘chirish. Bu nafaqat huquqiy talab sifatida, balki axloqiy mas’uliyat nuqtayi nazaridan ham muhimdir.

Onlayn makonda erkinlik va mas’uliyat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash jamiyatda informatsion va ma’naviy gigiyenani ta’minlaydi. Shu bois ham sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish muhim bo‘lib, bu internetdan xavfsiz, shaffof foydalanish imkonini yaratadi.

Ibrohim SAIDOV,

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 

bo‘limi boshlig‘i

    Boshqa yangiliklar