Navoiyda bank xodimi pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX axborot xizmati “Darakchi.uz”ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi tijorat banklaridan birining mutaxassisi hozirda o‘z otasi boshqarib kelayotgan bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka tuman hokimining 2021 yildagi qarori bilan ijaraga berilgan 22,6 gektar yer maydonining 18,7 gektar qismini 200 mln. so‘m evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mutaxassisi 190 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”,— deyiladi xabarda.