O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, qardosh Qozog‘iston xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, samarali logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniy almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan ikki tomonlama amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.