Boshlanayotgan haftada maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir o‘tkazilishi taqiqlangani, cheklovlar o‘rnatilgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz va joriy o‘quv yilining oxirgi kuni 25 may, yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24 may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq har bir inson hayotida unutilmas taassurotlarga boy bo‘ladi. Ayniqsa, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan 11-sinf bitiruvchilari uchun bu kunning ahamiyati va qadri o‘zgacha. Bir tomondan, ko‘p yillik qadrdon sinfdoshlar, mehribon ustozlar, jonajon maktab bilan umrbod xayrlashish oson emas. Ikkinchi tomondan, mustaqil hayotga qadam qo‘yish zavqi, yangi marralar chorlovi, talabalik sururi. Bu endi chinakam bayram”, deyiladi xabarda.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tantanalar bilan o‘tkazish an’anasi bu yil ham davom etadi.
“Faqat maktablarimiz jamoalarini, bitiruvchilarimizni, hurmatli ota-onalarimizni tadbirlar jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etishlarini so‘raymiz!”deyiladi vazirlik xabarida.