Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 milliard so‘mga kamayganini tanqid qildi. Bu haqda bugun, 26-may kuni davlat rahbari raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Yig‘ilishda sanoat, eksport va tushum bo‘yicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimidagi masalalar o‘z vaqtida va to‘liq hal qilinganida sanoatda yana 2 foizlik o‘sishga erishish mumkinligi tilga olindi.
Shuningdek, poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 milliard so‘mlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1 foiz o‘sish boy berilgani ochiqlandi.
O‘rtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona o‘tgan yilgidan 1 trillion so‘mga kam mahsulot chiqargani bois, 30 million dollar eksport yo‘qotilgan.
Yoki yanvar-mart oylarida sanoatda o‘sish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulung‘ur, Dang‘ara, O‘zbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib ko‘rsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.
Shu munosabat bilan uch kun muddatda “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikali bo‘yicha har bir masalani tezkor hal qilish uchun respublikadan aniq mas’ullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi.
Vertikal bo‘yicha qaysi bo‘g‘inda muammo yechilmasa, o‘sha tizim mas’ullaridan so‘rov qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.