Rossiya bosib olingan Ukraina hududlarida elektr uzatish liniyalarini qurmoqda. “The New York Times”nashrining yozishicha, bu harakatlar Zaporoje atom elektr stansiyasini (AES) Rossiya energiya tizimiga ulashga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Nashr ushbu xulosani “Greenpeace” tashkiloti taqdim etgan yangi hisobotga tayanib keltirgan.
“Greenpeace” tomonidan e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh suratlarida 2025-yil fevralidan buyon Azov dengizi bo‘ylab, bosib olingan Mariupol va Berdyansk shaharlari o‘rtasida 80 kilometrdan ortiq elektr uzatish liniyalari qurilgani aks etgan.
Mutaxassislarning baholashicha, bu liniyalar Mariupol yaqinidagi yirik podstansiyaga ulanmoqda. Mazkur podstansiya esa 225 kilometr uzoqlikda joylashgan Zaporoje AES bilan bog‘langan.
“Greenpeace”ning yadroviy energetika bo‘yicha eksperti Shon Bernining aytishicha, bu suratlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Zaporoje AES’ni ishga tushirish rejalari borligini ilk bor ochiqcha tasdiqlaydi.
“The New York Times” Moskvaning aniq rejalari hanuzgacha mavhumligicha qolayotganini ta’kidlaydi. Rossiya urushdan so‘ng AES’ni ishga tushirishni rejalashtiryaptimi yoki jangovar harakatlar davom etayotgan paytda buni amalga oshirmoqchimi — bu savol ochiq qolmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, AES’ni to‘liq Rossiya energiya tizimiga ulash uchun yana bir nechta elektr liniyasi qurilishi kerak bo‘ladi.
Gazeta bu holatni tarixda ilk bor bir davlat boshqa davlat yadroviy obyektini egallab olib, uni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan vaziyat sifatida baholaydi.
Bu esa AQShning, xususan Donald Tramp ma’muriyatining, stansiya kelajagi borasida tinchlik muzokaralari orqali yechim topish harakatlariga zid bo‘ladi.